Yuqumli kasalliklarning oldini olish muhim
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi Qashqadaryo viloyat boshqarmasi tashabbusi bilan viloyatning G‘uzor tumanida “Aholi o‘rtasida Qrim-Kongo gemorragik isitma kasalligi tarqalishining oldini olishda Favqulodda vaziyatlar davlat quyi tizimi xizmatlarining hamkorlikdagi harakatlari” mavzusida amaliy seminar va ko‘rgazmali maxsus-taktik o‘quv-mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tdi.
Unda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi viloyat boshqarmasi hamda tuman – shahar mutaxassislari, tibbiyot birlashmalari bosh epidemiologlari, Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limlari mas’ul xodimlari, tuman poliklinika mudirlari, hamshiralar qatnashdi.

Ta’kidlash lozimki, yirik va mayda shoxli chorva mollarida uchraydigan kanalar o‘ta xavfli yuqumli kasallik hisoblangan Qrim-Kongo gemorragik isitma kasalligi virusini saqlovchi va tashuvchidir. Ushbu kasallik gemorragik isitma virusi bilan zararlangan kanalarning odamlarni chaqishi va qo‘llarni kana hamda shu kasallik bilan og‘rigan bemor qoni bilan ifloslanishi oqibatida yuqadi.
O‘quv-mashg‘ulotning nazariy qismida mutaxassislar tomonidan Qrim-kongo gemorragik isitma kasalligining kelib chiqishi, shifoxonaning kundalik faoliyatida bo‘lishi mumkin bo‘lgan holatlar aniqlanganda bartaraf etish yo‘llari, shuningdek, xastalikning epidemiologiyasi, etiologiyasi, klinikasi, davolash va profilaktikasi haqida ma’ruzalar o‘qildi. O‘quv-mashg‘ulot kuzatuvchilari savollariga javob berildi.


Mashg‘ulotning amaliy qismida esa ushbu kasallikka gumon qilingan bemorga birinchi yordam ko‘rsatish, epidemiologik va epizootologik surishtiruv ishlarini o‘tkazish, kasallik manbai va yuqish omillarini aniqlash hamda yakunlovchi dezinfeksiya ishlari olib borish bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
Tumandagi qishloqlardan birida aniqlangan xonadonda zarur epidemiyaga qarshi sanitariya-veterinariya tadbirlari tashkil etildi, aholi xonadonlarida targ‘ibot ishlari o‘tkazildi.
Ma’lumot o‘rnida, bu kabi ko‘rgazmali tadbirlar 5 martdan 18 martga qadar viloyatning barcha shahar va tumanlarida o‘tkazilishi mo‘ljallangan.
O‘lmas Barotov, O‘ZA muxbiri